Turkmanistonda yangi qonun kuchga kirdi, unga ko‘ra aholisining katta qismini musulmonlar tashkil qiladigan mazkur mamlakatda alkogol mahsulotlarining sotuvi keskin cheklanadi, deb yozadi O‘zA.
Qonunga ko‘ra, 1-yanvardan boshlab poyezd, samolyot va paromlarda, shuningdek sport inshootlarida alkogol mahsulotlari sotilmaydi, qolaversa milliy bayramlar vaqtida alkogol sotish taqiqlanadi.
2021-yildan boshlab shanba va yakshanba kunlari bar va restoranlardan tashqari boshqa joylarda alkogol mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.
“Alkogolning zararli ta’sirini oldini olish to‘g‘risida”gi Qonun 2018-yil dekabr oyida qabul qilindi. Hujjat matnida ta’kidlanishicha, qonun alkogolning zararli ta’sirini oldini olish maqsadida davlat siyosatining huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy asoslarini belgilab beradi va fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi sifatida ko‘riladi. Uning sport bilan shug‘ullanib turishi aks etgan suratlar muntazam chop etib turiladi, davlat rahbari mamlakatda ommaviy sport tashabbuskori va tamakiga qarshi kurashchi sifatida namoyon bo‘ladi.
Hukumat 2025-yilga borib Turkmanistonni to‘liq chekishdan xoli mamlakatga aylantirish rejasini e’lon qildi.
Izoh (0)