Magnitogorskdagi turar-joyda yuz bergan portlash oqibatida xarobalar ostida qolgan odamlarning qayerda ekanligini aniqlash imkonsiz. Bu haqda 2-yanvar, chorshanba kuni Rossiya FVV matbuot xizmatiga tayanib, “Govorit Moskva” radiostansiyasi ma’lum qildi.
“Qolgan jasadlar qayerda joylashganligini aytish qiyin. Biz ekstrasenslar emasmiz, oldindan ayta olmaymiz”, — dedi jurnalistlarga Chelyabinsk viloyati FVV boshqarmasi matbuot markazi xodimi Mixail Yurin.
FVV vakili yuqori qavatlarning qulash xavfi mavjudligi, shu sababdan qidiruv ishlari xarobalarning chap qismida olib borilayotganligini ta’kidladi.
Qutqaruv boshqarmasi, shuningdek, hozirgi vaqtga kelib 22 kishining jasadi xarobalar ostidan chiqarib olinganligini ma’lum qildi. Yana 19 kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, portlash 31-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan 06:00 da ro‘y berdi. Natijada ikki podyezd o‘rtasidagi arka ustida joylashgan uchinchidan to‘qqizinchi qavatgacha bo‘lgan bostirmalar qulab tushdi. 110 kishi yashayotgan 48 ta xonadon jabr ko‘rdi.
Izoh (0)