Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qaror bilan Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga muvofiq, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi belgilab berildi.
Jamg‘arma mablag‘lari:
- maktabgacha ta’lim muassasalarini belgilangan tartibda qurilishlarning manzilli ro‘yxatiga kiritib, ularning tarmog‘ini kengaytirishga;
- maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga;
- yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;
- ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi.
Vazirlikning Moliyaviy-iqtisodiy rivojlantirishni rejalashtirish boshqarmasi Jamg‘armaning ishchi organi hisoblanadi.
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar Vazirlikning byudjetdan tashqari boshqa mablag‘laridan alohida yuritiladi. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va olib qo‘yilmaydi.
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi bo‘yicha nazorat Moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Izoh (0)