AQShning Milliy aeronavtika va koinotni tadqiq etish boshqarmasi (NASA) Mars sayyorasida “Insayt” sayyoralararo stansiyasi yordamida yozib olingan shamol tebranishlari tovushini e’lon qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Yozuvlar 1-dekabr kuni “Insayt” uskunasi turgan joyda shimoli-g‘arbdan soatiga 16—24 kilometrlik kuchli shamol esgan paytda qayd etilgan.
Ayni paytda apparat seysmografi sayyora yuzasida shamol paytida o‘ziga o‘rnatilgan quyosh panellarining titrashini yozib olgani ma’lum qilinyapti. “ ‘Insayt’ xuddi ulkan quloq kabi ishlayapti.U xuddi Mars shamoli o‘zining quloqlariga urayotganini tinglayotgandek”, — deydi uskuna bilan ishlayotgan olimlardan biri.
Mazkur ovozni ikki xil vaziyatda — asl (o‘ta past chastotada, quloqchin orqali) va tinglash qulay bo‘lishi uchun ikki oktava balandlatilgan tarzda eshitish mumkin.
Shamol tebranishlarining yana bir vaziyatini havo bosimini o‘lchash asbobi yozib olgan bo‘lib, chastotasi o‘ta past bo‘lgani bois bu tovushni inson qulog‘i mutlaqo ilg‘amaydi. Shu bois oddiy odam uni eshita olishi uchun yozuvni yuz marta tezlashtirishga to‘g‘ri kelgan.
Izoh (0)