“Chirchiq” dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 8-dekabr – Konstitutsiya kuni, shuningdek, to‘satdan tekshiruv davomida o‘zini ko‘rsatgan Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilarini mukofotladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26—30-noyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga muvofiq Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun kompleks o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tgan edi.
Tekshiruv davomida o‘tkazilgan maxsus-taktik mashg‘ulotlarda harbiylarning yuksak professionalligi, O‘zbekiston armiyasining yuqori jangovar shayligini namoyon bo‘lgandi.
To‘satdan tekshiruvlarning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston mudofaa vazirining buyrug‘i bilan qo‘shinlar tezkorligi, jangovar shayligi hamda o‘zaro hamkorligini ta’minlash, xususan, kompleks mashg‘ulotlarda alohida namuna ko‘rsatgan 300 nafardan ziyod harbiy qism va muassasalarning harbiy xizmatchilari “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, pul mukofotlari, esdalik sovg‘alari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)