“Daryo” tahririyatiga Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yashovchi II guruh nogironi Gulsun Umrzoqova shahardagi birlamchi tibbiyot maskanlaridagi kamchiliklar, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining qoniqarsizligi va nogironlik aravachasi olish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan murojaat qildi. “Daryo” muxbiri mazkur murojaat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi.
Gulsun Umrzoqova Quvasoy shahar, “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘ini, Shinam ko‘chasida yashaydi. U bir necha yillardan beri revmatizm kasalligidan aziyat chekib kelmoqda. II guruh nogironi. Uch nafar farzandi bor. Yashash sharoiti og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj. Kasalligi muntazam davolanishni taqozo qiladi, lekin imkoniyati yo‘q. Qancha mutasaddilar bu xonadonga kelib ketgan bo‘lsa-da, nogiron ayolga biror amaliy yordam ko‘rsatilmagan. Sektor rahbarlari, Respublika ishchi guruhi vakillari ham G.Umrzoqovaning muammolariga yetarli darajada e’tibor bermagan.
Umrzoqovaning aytishicha, nogironlik aravachasi olishda yordam so‘rab ko‘p joyga murojaat qilgan. Lekin hozirgacha natija bo‘lmagan. Sotib olishga esa imkoniyati yo‘q. Bundan tashqari, hududiy tibbiyot maskanida ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat uni va boshqa bemorlarni qanoatlantiradigan darajada emas.
Surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Quvasoy shahrida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 3 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 3 ta qishloq vrachlik punkti bor.
Umrzoqova yashovchi “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida 3-qishloq oilaviy poliklinikasining tibbiyot punkti faoliyat ko‘rsatadi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdulhoshim Qo‘ziyevning aytishicha, mazkur tibbiyot punkti 2014-yilda aholi taklifi bilan tashkil etilgan. Bugungi kunda tibbiyot punkti mahallada istiqomat qiluvchi 2 ming 500 ga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadi. To‘g‘ri, “Nayman” MFY viloyatning chekka hududda joylashgan, transport qatnovi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Biroq, shunday bo‘lsa-da, tibbiyot maskanida aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur sharoit bo‘lishi kerak emasmi?
Aslida-chi? Aslida, bu yerda ishlayotgan umumiy amaliyot shifokori va hamshiralarga yetarli sharoit yaratilmagan. Qish mavsumiga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rilmagan, xonalar sovuq. Shuningdek, ayrim tibbiy jihozlarning yaroqlilik muddati tugab, ma’nan eskirgan.
Valik mahallasidagi qishloq oilaviy poliklinikasi yaqinda rekonstruksiya qilingan. 9 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatayotgan bu maskanda ham sharoit talab darajasida emas. Aksariyat xonalar bo‘m-bo‘sh. Bu yerda bo‘lganimizda poliklinika mudiri Feruza Orifjonova hamda patronaj hamshiralar shahar tibbiyot birlashmasiga yig‘ilishga ketganini aytishdi. Tor doiradagi mutaxassislardan faqat terapevt ishlayotgan ekan. Aslida bu maskan tunu kun aholi xizmatida bo‘lish kerak. Qurilish ishlari ham to‘liq yakunlanmagan. Ayrim xonalarda issiqlik tizimi ishlamayapti.
Muammolar yuzasidan fikrini bilish maqsadida, Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Bahrom Toshboltayev bilan bog‘landik. Shahar bosh shifokorining aytishicha, qishloq poliklinikasidagi muammolar tez orada bartaraf etiladi.
Quvasoy shahridagi sektor rahbarlari bu muammolardan bexabar edimi? Qishning birinchi oyiga qadar hal etilmagan kamchiliklarni qisqa vaqt ichida tuzatish mumkinmi? Qishloq poliklinikasidagi sharoitlarni yaxshilab, kamchiliklarni tuzatishning imkoni bormi? II guruh nogironi Gulsun Umrzoqova qachon nogironlik aravachasi bilan ta’minlanadi? Bu savollarga viloyatdagi mas’ullardan javob kutib qolamiz.
Hozircha esa, ayrim rahbarlarning befarqligi bois Quvasoyda aholi birlamchi tibbiy xizmatdan norozi bo‘lmoqda.
Izoh (0)