Jizzax viloyatida “Yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish haftaligi” doirasida “Bandlik va biznes avtobus” loyihasi amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan loyiha doirasida Do‘stlik tumanidagi In Style mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston—Turkiya qo‘shma korxonasiga sayohat uyushtirildi.
Korxonada tashkil etilgan tadbirda mamlakatda kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
“Joriy yilda faoliyat boshlagan korxonamizda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari asosan Rossiya Federatsiyasiga chiqariladi, — deydi In Style qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Zoirjon Sharipov. — O‘tgan oydan Germaniyaga ham eksportni boshladik. Tovarlarga xaridorlar talabi ortishi ishlab chiqarish hajmini oshirishni talab etadi. Bugungi kunda 300 ishchi mehnat qilayotgan korxonamizning to‘liq quvvat bilan ishlashga o‘tishi uchun harakat boshlangan. Yaqin istiqbolda yana 500 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Bu kabi loyihalar nafaqat ish izlovchiga, balki ish beruvchiga ham foydali”.
Ishtirokchilar korxonada xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy uskunalar, ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Loyihada qatnashgan uch nafar yosh ushbu korxonada ishlash istagini bildirdi. Ular bilan tegishli tartibda mehnat shartnomasi imzolandi.
Bu kabi loyihalar viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham davom etmoqda.
Izoh (0)