Tojikiston hukumatining “2019-yilgi davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasida mamlakatning turli qismlarida maktablar va shifoxonalar qurayotgan 2 ta o‘zbek, 2 ta xitoy va 1 ta turkman kompaniyasi uchun soliq imtiyozlarini joriy qilish taklif qilingan. Bu haqda Asia Plus nashriga tayanib, Turon 24 xabar berdi.
Unga ko‘ra, Fayzobod tumanidagi Elok qishlog‘i va Vahdat shahrining Chorda qishlog‘ida maktab qurayotgan kompaniya qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS), avtomobil va daromad solig‘idan ozod qilinadi. Xitoyning TBEA kompaniyasi ushbu qishloqlarda maktablar qurmoqchi.
Xitoy, shuningdek, Tojikistonda 40 ming talabaga mo‘ljallangan universitet qurishga ham va’da bergan. Tashkil etiladigan universitetda ko‘plab xorijiy mamlakat abiturentlari ham o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.
Spitamen tumanida 630 o‘ringa mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta’lim maktabini qurayotgan va Qubodiyonda tibbiyot birlashmasini tashkil qilayotgan o‘zbek kompaniyasi ham QQS, avtomobil hamda daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Turkmanistonning Tojikistondagi elchixonasi ham bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. Elchixona Do‘sti tumanida 540 o‘ringa mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta’lim maktabini tashkil etmoqchi.
Bundan tashqari, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan obyektlarni qurish uchun mijozlar va bosh pudratchilar tomonidan olib boriladigan tovarlarni import qilish Tojikiston hukumati tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra QQS hamda bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Izoh (0)