O‘zbekistonliklar yakunlanayotgan qishloq xo‘jaligi mavsumida pomidor kamligi, boz ustiga, narxining qimmatligidan hayron qolmoqda, deb yozadi “Xalq so‘zi Online”.
Ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning III choragida iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalarida ham o‘z ifodasini topdi.
Gap shundaki, so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar “Qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi?” degan savolga javoban, birinchi navbatda, pomidorni, so‘ngra mol va qo‘y go‘shti, shuningdek, guruchni ko‘rsatgan.
Sabzavotlar qishga g‘amlanadigan, konserva qilinadigan pishiqchilik mavsumida uning bahosi oshib ketgani, haqiqatan ham, kishini ajablantiradi. O‘sha paytda Toshkentdagi dehqon bozorlarida pomidorning kilogrammi o‘rtacha 7—8 ming so‘mdan sotildi.
Mavsum oxirlay boshlagach, ichki bozor ushbu mahsulot bilan nisbatan to‘yinib, narx barqarorlashdi. Ammo iste’molchilarning aytishicha, rastalarni to‘ldirgan pomidorlar issiqxonaniki. Bu usulda yetishtirilgan noz-ne’matlarni yil davomida topish mumkin. Ular e’tirozi ochiq dalada, yetarli foydali haroratni olgan pomidor yoz-kuz fasllarida ham serob bo‘lmagani, sifati haminqadar, bahosi esa cho‘ntakbop emasligi bilan bog‘liq.
“Qaniydi, falon pulga sotib olgan pomidorni ishtaha bilan yesak. Ishonsangiz, mahsulotingizning teng yarmi axlatga chiqadi. Hayron qolaman, qip-qizil, bus-butun pomidorni kessangiz, o‘rtasi qorayib chirib ketgan bo‘ladi yoki ichi to‘la qattiq o‘zak, po‘sti qalinlashib ketgan. Ba’zilarining sirti pishgan bo‘lsayam, ichi yashil. So‘rasam, chet elliklar shunaqa ‘sorti’ga ishqiboz emish”, — deydi poytaxtlik Muazzam Qo‘chqorova.
Po‘sti xuddi plyonkaga o‘xshaydi-ya?!
Xo‘sh, pomidor taqchilligining sababi nimada?
Nashr muxbiri mavjud vaziyatni o‘rganib, ushbu savolga javob topishga urinib ko‘rdi.
Qilingan mehnat va xarajat havoga uchmoqdaTahlillarga qaraganda, pomidor sabzavot ekinlari ichida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ushbu turdagi ziroat ekiladigan maydonlarning deyarli 42 foizi, yetishtiriladigan yalpi mahsulotning 39-40 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Yalpi hosilining 70 foizi qayta ishlansa, 10 — 15 foizi yangiligicha iste’mol qilinadi. Qolgan qismi esa eksportga chiqariladi.
Biroq haqiqat shuki, yetishtirilayotgan mahsulot hajmi aholi hamda qayta ishlash korxonalarining xom ashyoga bo‘lgan real talablarini to‘liq qondira olmayapti. Ilgari hovlisida bir parcha tomorqasi bor odam, oilasi ehtiyojiga yarasha bu mahsulotni o‘zi yetishtirgan, ortganini qo‘ni-qo‘shnilarga ulashgan bo‘lsa, endilikda to‘rxaltasini ko‘tarib, bozorga tushmoqda.
“Keyingi yillarda tomorqamizga pomidor ekmay qo‘ydik. Bu ekinning kasallikka tez chalinuvchan bo‘lib qolganligi hafsalamizni pir qilmoqda. Chunki nihollar gulga kirgunga qadar baravj rivojlanib, bir-ikki hosil nishonalari ko‘rsatgach, qurt tushib, palagi qovjirab qolmoqda. Achinarlisi, mahalliy mutaxassislar tavsiya etayotgan dori vositalari ham natija bermayapti. Oqibatda mehnatimiz, qilgan xarajatimizga kuyib qolmoqdamiz. Shuning uchun ko‘pchilik pomidor o‘rniga boshqa ekinlar ekishni afzal ko‘rishyapti”, — deydi Oqqo‘rg‘on tumanidagi Qahramon qishlog‘ilik Ilhom Hotamov.
- Statistika ma’lumotlari ham buni tasdiqlaydi. Masalan, 2016-yilda respublikada barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 64,4 ming gektarga pomidor ekilib, gektaridan 279 sentnerdan hosil yig‘ishtirib olingan bo‘lsa, o‘tgan yili 60,5 ming gektarga ushbu ekin joylashtirildi. Hosildorlik esa 264,6 sentnerni tashkil etdi.
- 2018-yil yakuni bo‘yicha ko‘rsatkichlar yanada pasayishi mumkin. Chunki Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislarining aytishicha, fermer xo‘jaliklari tomonidan asosiy maydonlarda 20 ming gektarda, takroriy ekin sifatida rejalashtirilganidan 1,6 ming gektar kam, ya’ni 4,8 ming gektarda pomidor parvarishlandi. Chunki suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda ushbu ziroat ekilmadi.
Dehqonlar bilan suhbatlashsangiz, fig‘oni falakka o‘rlaydi. Ularning yozg‘irishicha, pomidor issiqxona ekiniga aylanib qolmoqda. Issiqxona xo‘jaligini yuritayotgan tadbirkorlarning fikri esa bundan boshqacharoq.
Esimni taniganimdan buyon 21 sotixlik issiqxonamizda pomidor yetishtiramiz, — deydi qibraylik xususiy tadbirkor Doniyor Yusupov. — Lekin hosil olish yildan-yilga qiyin bo‘lmoqda. Chunki asosiy vaqtimiz ekinni parvarishlash, oziqlantirishga emas, balki uning kasalliklariga qarshi kurashish bilan o‘tyapti. Agar pomidor o‘rtacha uch oyda pishib yetilsa, bu davr ichida olti marta nihollarning ildiz tizimi kasalliklariga qarshi ishlov beriladi. Haftasiga bir marta shira, oqpashshaga qarshi dorilanadi. Bundan tashqari, ikki haftada bir marta, dehqonlar tili bilan aytganda, “rassom” hasharotiga, har 10 kunda virusli kasalliklarga qarshi dori sepmasak bo‘lmaydi. Dorilarning deyarli hammasi chetdan keltirilgani uchun juda qimmat.Bular mayliku-ya, keyingi paytda pomidor kuyasi degan ofat paydo bo‘lganki, unga yopiq sharoitda ham bas kelish qiyin bo‘lmoqda. Endi ochiq daladagi ekin taqdirini o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ravering.
Chindan ham, oxirgi ikki yilda respublikamizning deyarli barcha hududida mazkur sabzavot turining barori yo‘q. Dehqon va fermerlar bilan gaplashsangiz, undan hosil olish tugul, ekinni asrab qolishning imkoni bo‘lmayotganini yozg‘irishadi. Katta mablag‘ evaziga xarid qilinayotgan kimyoviy dorilarning samarasi past. Vaziyat shunday davom etsa, pomidor yaqin yillar ichida eng tanqis ne’matlardan biriga aylanib qolishi ehtimoli yo‘q emas.
Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Muammoning ildizi qayerga borib taqaladi?
Kuyaning uyi kuysinAslida, serhosilligi bo‘yicha pomidorga teng keladigan sabzavot yo‘q. O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitida gektaridan o‘rtacha 30 — 35 tonna hosil olish mumkin. Unda ekin rivoji, hosildorligiga nima ta’sir qilyapti?
“Buning ko‘pgina omillari bor, masalan, yer to‘g‘ri tanlanmasa ham ekin rivoji sust, hosili kam bo‘ladi. Shu bois uni bir maydonda ketma-ket ikki yildan ortiq hamda shu paykalga uch yil oralatmay qayta ekish, shuningdek, kartoshkadan keyin yetishtirish tavsiya etilmaydi”, — deydi Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi Baxtiyor Karimov.
Ammo O‘zbekiston sabzavotchiligi, xususan, pomidor ekini bilan bog‘liq muammoni dehqonchilik madaniyati yoki virusli, zamburug‘li kasalliklar emas, zararkunandalar keltirib chiqarmoqda. Ya’ni chetdan kirib kelgan pomidor kuyasi mazkur sabzavot kushandasiga aylandi. U yilda 13 marta nasl qoldirib, juda tez ko‘payadi. Bu hasharotga qarshi 12 oy davomida kurashilayotgan bo‘lsa-da, natijasi kam. Qo‘llanilayotgan dori vositalari esa qimmat. U ham har 5 — 10 kun oralatib sepilsa, samara beryapti xolos. Dehqonlarning aksariyatida kuyani bartaraf etishga hafsalasi ham, mablag‘i ham yetmayapti. Muammoning asl ildizi mana shunda!
Tajribali dehqonlarning so‘zlariga qaraganda, pomidor kuyasi ilgari mamlakatda uchramagan. Ular xorij urug‘lari bilan kirib kelgan, degan taxminda. Axir avval faqat mahalliy navlar ekilardi-da!
Hozirgi kunda ochiq dala uchun pomidorning 50 ta nav va duragayi rayonlashtirilgan bo‘lsa, shulardan 30 tasi chet el duragaylari hisoblanadi. Asosiy maydonlarda ham xorijdan olib kelinayotgan duragaylar joylashtirilayotganini kuzatib, bu gaplarda jon bormikan, deb o‘ylab qolasan, kishi.
Rostdan ham pomidor kuyasi urug‘lik orqali kirib kelganmi?Masalaga oydinlik kiritish uchun fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, zararli organizmlarning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga mas’ul bo‘lgan O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mutasaddilariga murojaat qildik.
“Pomidor kuyasi kasallik emas, zararkunanda. Soha mutaxassislari yaxshi bilishadi urug‘lik orqali kasalliklar o‘tishi mumkin, hasharotlar emas. Qolaversa, eksportchi davlatlar hamkorlar ishonchini oqlash uchun eng sifatli, kasalliklarga qarshi dorilangan urug‘lik jo‘natishadi. Shuning uchun pomidor kushandasi yurtimizga qo‘l yuki, karton qutilar orqali kirib kelgan, degan qarashlar haqiqatga yaqinroq. Aholi orasida bu zararkunanda kimyoviy dorilar biznesi bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan kiritilgan, qabilidagi gap-so‘zlar ham yuradi. Lekin bu farazlar o‘z isbotini topgani yo‘q”, — deydi inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Boqijon Murodov.
“Oltin olma” yeyish ham osonmas
Pomidor kuyasi hozirgi paytda O‘zbekistonninggina emas, butun dunyo dehqonlarining og‘riqli muammosiga aylangan. Dastlab u 1980-yilda mazkur sabzavot vatani bo‘lgan Janubiy Amerikada aniqlangan. Keyinchalik esa Yevropa va boshqa mamlakatlarda keng tarqalib, katta zarar keltira boshlagan. Bu ofat 2010-yilning kuzidan Rossiyada, 2011-yilda Qozog‘istonda bo‘y ko‘rsatgan bo‘lsa, O‘zbekistonda ilk bor 2015-yilda issiqxonalarda duch kelindi. 2016-yildan esa ochiq maydonlarga ko‘chgan. Joriy yilda undan, ayniqsa, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari dehqonlari katta zarar ko‘rdi.
Tabiiy savol tug‘iladi. Dehqonlarni o‘ylantirayotgan masalaga qachon yechim topiladi? Ko‘ngildagidek hosil olinmayotganining asosiy sababi turli kasallik va zararkundalar ta’siri ekan, demak, bu o‘simliklar himoyasiga mas’ul idoralarning faoliyatida kamchiliklar borligini ham anglatmaydimi? Nahot, soha mutasaddilari bunga qarshi kurash choralarini olib bormayotgan bo‘lsa? Bu yil o‘tdi. Keyingi mavsum-chi?
Bu yerda gap muammoning qanday paydo bo‘lganida emas, balki uni bartaraf etish haqida ketmoqda. Negaki, bundan ikki asr ilgari hech kim yemagan ushbu mahsulot allaqachon aholi sarxil holida sevib iste’mol qilinadigan sabzavotga aylangan. Usiz endilikda dunyo oshxonalari taomlarini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki pomidor mevasida organik kislotalar ko‘pligi uchun ishtaha ochib, organizmda ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi. Oshqozon-ichak tizimidagi kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroflora ta’sirini susaytiradi. Tarkibida purinlar kam bo‘lganligi tufayli ateroskleroz kasalligining oldini oladigan muhim parhez mahsuloti hisoblanadi. O‘zbekistonliklar ana shunday shifobaxsh ekin istiqbolidan xavotirda.
Pomidor kuyasi ta’sirini kamaytirish uchun tizimli tadbirlar olib borilmog‘i kerak. Buni aholi o‘z tomorqasida risoladagidek bajarishi amrimahol. O‘zbek xalqi bejiz “Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin”, demagan-da. Shuning uchun, avvalo, o‘simliklarni himoya qilish, kimyoviy dorilar va preparatlar yetkazib beruvchi tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, ularning ish samaradorligini oshirish, dori vositalari narxining barqarorligini ta’minlash zarur. Yo‘qsa, pomidor ekilgan paykallar zararkunandalar o‘chog‘iga aylanib qolishi turgan gap.
“Aslini olganda, mirishkor xalq uchun ko‘p narsa kerak emas. Ular yer ilmining hadisini olgan. Faqat mutasaddilar xalq ichida yurib, zarur paytda kerakli tavsiya, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turishsa, kifoya. Toki, ular xorijning usti yaltiroq urug‘liklariga mahliyo bo‘lib, samarasiz dori vositalarini xarid qilib, aldanib qolmasin. Bundan nainki ularning o‘zlari, balki oltinga teng bo‘lgan sug‘oriladigan yerda bitadigan noz-ne’matlarga ko‘z tikib turgan xalqimiz jabr ko‘rishini bir zum bo‘lsa-da, yodimizdan ko‘tarmasligimiz kerak.
Ushbu masala yechimi yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlar haqida mutasaddi tashkilotlar o‘z munosabatlarini bildiradilar degan umiddamiz. Zero, Prezident tashabbusi bilan keyingi paytda paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani bu masalaning nechog‘li dolzarbligini ko‘rsatib turibdi. O‘zingiz o‘ylang, bugun 30 dan ortiq tumanlar qishloq xo‘jaligining ushbu tarmog‘iga ixtisoslashtirilgan. Ushbu hududlarda odamlar ko‘proq daromad topsin, yetishtirgan mahsulotini eksport qilib, iqtisodiyotimizga ko‘proq foyda keltirsin, deya ajratiladigan ming-minglab ekin maydonlarida mo‘ljaldagi hosil bitmasa kimga ziyon? Axir ‘pomidor ajali’ makon qurgan davlatlarda ham unga qarshi kurashib, barakali hosil olinayotgani, ichki ehtiyoj to‘liq ta’minlanib, qayta ishlanayotgani, eksportga chiqarilayotgani ayni haqiqat-ku?!
Darvoqe, ‘pomidor’ so‘zi italyan tilidan o‘girilganda, ‘oltin olma’ ma’nosini anglatadi. Niyatimiz sabzavotchilik tarmog‘ining mazkur yo‘nalishi rivojlanib, dehqonlarimizning oltindek qadrli, muhim daromad manbalaridan biriga aylansin. Biz esa mavzuga yana qaytamiz”, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: Bozorlarda pomidorning narxi nega qimmat?
Izoh (0)