17-noyabr, shanba kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari qilichbozlik federatsiyalari rahbarlarining kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi Vitaliy Logvin ham ishtirok etdi. Kengashda so‘zga chiqqan Logvin mintaqada qilichbozlik sporti shiddat bilan rivojlanayotganligini hisobga olgan holda, shuningdek milliy qilichbozlik federatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Kengash qatnashchilari ushbu tashabbusni yakdillik bilan ma’qulladi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Qozog‘iston qilichbozlik federatsiyasining vitse-prezidenti Rushiddin Kichikov Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi rahbar organini shakllantirish zarurligini ta’kidlab, Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti lavozimiga O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining raisi Rustam Shoabdurahmonov nomzodini taklif qildi.
Kengash qatnashchilari bir ovozdan Shoabdurahmonov nomzodini qo‘llab-quvvatladi va uni Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti etib sayladil.
Konfederatsiya bosh kotibi lavozimiga Afg‘oniston qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Ahmad Tarik, tashkilot vitse-prezidentiligiga esa Qozog‘iston qilichbozlik federatsiyasining vitse-prezidenti Rushiddin Kichikov saylandi.
Izoh (0)