O‘zbekistonda eksportchilarni rag‘batlantirish maqsadida, ular foyda solig‘i va yagona soliqdan ozod qilinishi mumkin. Mazkur taklif Moliya vazirligi tomonidan Muhokamalar portaliga kiritilgan, deb yozadi Turon24.
Bunday imtiyoz ishlab chiqarayotgan mahsulotining kamida 15 foizini eksport qiluvchi tadbirkorlarga tegishli bo‘ladi. Shuningdek, eksportdan tushgan foydagagina soliq solinmaydi.
Soliq imtiyozi xomashyo tovarlariga va transport xizmatlariga tegishli bo‘lmaydi.
Eksportdan valyuta tushumlari tovarlar eksportga chiqarilgan kundan boshlab 180 kun ichida mamlakatga kirishi lozim. Aks holda, soliq imtiyozi amal qilmaydi.
Agar tadbirkor tovarning eksport qilingani haqidagi hujjatga ega bo‘lmasa, imtiyoz miqdori davlat budjetiga penyasi hisoblanib o‘tkaziladi.
Ta’kidlash kerakki, eksportchilar bir qator soliqlardan ozod etiladi, xususan, qo‘shimcha foyda solig‘iga ham tortilmaydi.
Shunga qaramay, hozir eksport hajmi kamaymoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilning yanvar-oktabr oylarida eksport hajmi 10,3 milliard dollarni tashkil etgan va o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan 4 foizga pasaygan. 2018-yilning 10 oyi davomida savdo defitsiti 5,2 milliard dollarga oshgan.
Izoh (0)