2018-yil 5-sentabr kuni Chilonzor tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda tumandagi 16-mavzeda joylashgan do‘konlardagi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan suhbat uyushtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida tadbirkorlar do‘konlarining old qismi va fuqarolar qatnovi yo‘lagida yoshlari taxminan 25-35 yoshdagi shubhali ayol va erkaklar tomonidan “Tramadol” va “Lirika” psixotrop giyohvand dori vositalari sotilayotgani, ular asosan kunning kechki ikkinchi yarmi ya’ni 18:00 dan 22:00 gacha o‘zlarining noqonuniy “savdo”sini boshlashlarini ma’lum qildi.
“Zahri qotil savdogarlarining bu harakatlaridan yo‘ldan o‘tib ketayotgan fuqarolar, yoshlar, savdo xodimlari va xaridorlarning osoyishtaligi buzilayotganligini, shuningdek, bu holat farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini, shu sababli ushbu psixotrop moddani sotayotganlarga hamda iste’mol qilib kelayotgan fuqarolarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlik, shuningdek, mazkur hududga ichki ishlar xodimlarini biriktirib berishni so‘radi”, — deyiladi xabarda.
Qonunchilikka ko‘ra “Tramadol va Lannaxer” dori vositalari psixotrop modda hisoblanadi. Tadbirkorlar bilan suhbat chog‘idagi dalillar o‘rganilib, tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Haqiqatan ham mazkur hududda psixotrop dori vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273- va 276-moddalari bilan 23 ta jinoyat ishi ochilib, 28 nafar fuqaroga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Izoh (0)