“Davr” informatsion dasturi orqali tanilgan telejurnalist, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi Bobur Komilov uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi. Bu haqda jurnalist Shohira Hamro Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi. Ushbu xabarni BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ham tasdiqladi.

Foto: Google Images

“Zamonaviy o‘zbek jurnalistikasida og‘ir yo‘qotish. Hozir eshitgan xabarimga ishongim kelmaydi. Lekin jim turib ham bo‘lmaydi. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi , taniqli xalqaro toifadagi jurnalist Bobur Komilov uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng bugun vafot etdi. Bu haqda hozirgina menga ‘To‘ylar muborak’ jurnalining bosh muharriri, Boburning yaqin do‘stlaridan biri Dildora Zaynutdinova xabar berdi.

Biz Boburni Toshkentda, Prologue xalqaro kinofestivalida kutayotgan edik. Dildora orqali Bobur bilan bog‘lanib, kinofestival tadbirlarida ingliz tilida boshlovchilik qilishga taklif qilgan edik. Bobur orzulari bir dunyo yigit edi. O‘ziga xos yo‘li, o‘z ovoziga ega jurnalist endi oramizda yo‘q. Xudo rahmat qilsin!”, — deb yozdi Shohira Hamro.

Ma’lum bo‘lishicha, Bobur Komilov davolanish uchun Turkiyaga ketgan edi.