Qashqadaryo viloyat IIB YHXBga qarashli yo‘l-patrul xizmati inspektorlari Koson tumanining “Guvalak” mahallasida xizmat vazifasini bajarayotganda kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Inspektorlar Jasur Yo‘ldoshev, Inomjon Qorayev va Shahzod Choriyev tomonidan yo‘lda harakatlanayotgan avtomobillardan navbatdagisi to‘xtatilib, inspektorlar Cobalt haydovchisining hujjatlarini ko‘zdan kechirishga chog‘landi. Kichik serjant J.Yo‘ldoshev avtomobil haydovchisidan hujjatlarni taqdim qilishni so‘raydi. O‘zini Husniddin To‘raqulovman, deb tanishtirgan shaxs hech qanday hujjatlari yo‘qligini aytadi.
Inspektorlar ushbu holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng mashinani vaqtinchalik jarima maydonchasiga olib borilishi kerak edi.
Ammo X.To‘raqulov va uning yo‘lovchilari — turmush o‘rtog‘i Muhabbat Jumanazarova, o‘g‘li Shohrux Egamberdiyev, qizi Kumush Egamberdiyeva xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatadi.
Sh.Egamberdiyev qo‘liga pichoq olib, Koson tumani 11-sonli ichki ishlar boshqarmasiga tegishli Damas rusumli avtomashina oynasini sindirib, ballonlariga shikast yetkazadi. Shundan so‘ng yo‘lovchilar avtomashinasiga o‘tirib, voqea joyidan qochib ketadi.
Yo‘lovchi yigitning amalga oshirgan harakatlari natijasida kichik serjant J.Yuldashev va safdor I.Qorayevga jarohat yetkazilgan. Ularga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida Sh.Egamberdiyev ushlanib, X.To‘raqulov, M.Jumanazarova va K.Egamberdiyeva tuman prokuraturasiga topshirildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)