28-oktabr kuni poytaxtdagi Shayx Zayniddin jome masjidida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashabbusi bilan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, har oyning birinchi yakshanbasi “Muruvvat kuni” sifatida belgilangan edi. Joriy yilning noyabridan e’tiboran har oyning birinchi yakshanbasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tizimida “Muruvvat kuni” deb belgilandi va uning doirasidagi dastlabki uchrashuv 4-noyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 250 nafar imkoniyati cheklangan insonlar ishtirok etdi.
Shu kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Saudiya Arabistonidan maxsus keltirilgan brayl yozuvidagi Qur’oni Karimning noyob nusxasi ko‘zi ojizlarga tuhfa etildi.
Tadbir davomida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham qimmatli sovg‘alar taqdim etilishi yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
“O‘zbekistonda 23 ming nafar kar-soqov bo‘lsa-da, ularga 50 nafargina surdo tarjimon bor, — deydi ishtirokchilardan biri. — Hech bo‘lmasa, 300 nafar ana shunday tarjimon kerak. Bugungi kunda masjidlarda ham surdo tarjimonlarga katta ehtiyoj bor”.
Tadbirda shu kabi muammolar va ularning yechimi yo‘lida qator takliflar bildirildi. Keyingi muruvvat kuniga qadar amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.
Navbatdagi “Muruvvat kuni” 2-dekabrda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)