O‘zbekistonda 2019-yildan mehnat darftarchasidan voz kechiladi, uning o‘rniga elektron baza joriy etiladi. Bu haqda 2018-yilda davlat budjetini amalga oshirish va 2019-yil uchun asosiy parametrlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan konferensiyada moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod Sultonov aytib o‘tdi, deya xabar berdi “Turon 24”.
“Mehnat daftarchalari bizda SSSR davridan qolgan va foydalanish uchun juda noqulay. Ulardan voz kechish vaqti keldi. 2019-yildan ishga kirmoqchi bo‘lgan xodimlar mehnat daftarchasini ochishlariga to‘g‘ri kelmaydi, endilikda ular shunchaki o‘z ma’lumotlarini elektron bazaga kiritishsa bas”, — dedi Dilshod Sultonov.
Bo‘lajak bazada xodimning barcha mehnat faoliyati va daromadi aks etadi. Kerakli ma’lumotni xodimning pasport ma’lumotlarini bazaga kiritgan holda olish mumkin bo‘ladi.
“Hozir soliq idorasi elektron bazaning asosini ishlab chiqmoqda va ushbu dastur deyarli tayyor. Endilikda o‘z oylik maoshingiz haqida Telegram’dagi @oylikuzbot orqali bilib olish mumkin. Ushbu bot qancha oylik maosh to‘langani va qanchasi soliqqa ushlab qolinganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bot maoshning qancha foizi naqd pulda va qanchasi plastik kartada berilganini ko‘rsatadi”, — dedi Dilshod Sultonov.
Izoh (0)