Rustam Qurbonnazarovich Xolmatov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda, o‘z manbasiga asoslanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
U Oqqo‘rg‘on va Bekoboddagi voqealar ortidan ishdan bo‘shagan viloyat hokimi o‘rinbosari o‘rnini egalladi. Xolmatov bungacha Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Rustam Xolmatov 1961-yilda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.
U 1995-yildan 2003-yilgacha Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, keyinroq Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlari hokimi bo‘lib ishlagan. 2008-yildan 2013-yilgacha esa Toshkent viloyati hokimi bo‘lgan.
2013-yilning aprelida O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov Rustam Xolmatovni o‘z qo‘li ostidagilarga zug‘um o‘tkazishda ayblab, ishdan olgandi.
“U 2017-yilning aprelida Jizzax viloyati hokimiga o‘rinbosar sifatida davlat ishiga qaytgandi”, — deb yozadi “Kun.uz”.
Izoh (0)