Toshkentda 1-noyabr kuni “O‘zbekiston—Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Unda Yevropa parlamenti deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi A.Kurmanov, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqa delegatsiyasi rahbari Iveta Grigule-Petersen xonim va boshqalar Oliy Majlis bilan Yevropa parlamenti o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekistondagi islohotlar samaradorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq texnik jarayonlar, transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish, ekologiya va suv resurslarini boshqarish, qishloq joylarni va ekologik barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning ayrim jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Yevropa ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro foydali hamkorlik bo‘yicha yangi strategiyani amalga oshirishdan manfaatdor ekani, jumladan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni jadal rivojlantirish nafaqat Markaziy Osiyoning, balki boshqa davlatlarning manfaatlariga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yevropa parlamenti deputatlariga O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekistonda jamiyatning barcha sohalarini erkinlashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Majlisda O‘zbekistonning Yevropa ittifoqi bilan faol hamkorligi, jumladan, parlamentarizm sohasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)