28-oktabr kuni Samarqand shahri Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi quvurga fuqarolar tomonidan tashlangan turli xil maishiy chiqindilar tiqilib qolishi natijasida yig‘ilib kelgan yomg‘ir suvi ko‘chaga toshib chiqqan, bu esa texnika va piyodalar qatnovini to‘sib qo‘ygan. Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda, deb yozadi “Turon 24”.
Hodisa haqida boshqarmaning navbatchilik qismiga Samarqand shahri “Fidoyilar” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro xabar bergan. Murojaat muallifi Abdurahmon Jomiy ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi Obi Mash’at kollektorida suv toshib ketayotgani va uning aholi xonadonlariga kirish xavfi borligidan ogohlantirgan.
“Ayrim fuqarolar tomonidan suv havzalariga chiqindi va axlatlarning tashlanishi nafaqat shahrimiz ko‘rki va ekologiyasiga, balki mana shunday favqulodda holatlar yuzaga kelishiga ham sababchi bo‘ladi, — deydi viloyat FVB xodimi Aziz Ochilov. — To‘g‘ri, yuzaga kelgan muammoni ayrim e’tiborli fuqarolarimiz yordamida bartaraf etdik. Bu holat kechasi yuz berganida, odamlarning uylari suv ostida qolishi mumkin edi”.
Qutqaruv xizmati xodimlari voqea joyiga yetib bordi. Tezkorlik bilan qilingan sa’y-harakatlar oqibatida suv yo‘li ochilib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatning oldi olindi.
Izoh (0)