Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya va Belarusning turli hududlaridagi harbiy qismlarga “Samarqand” radioelektron kurash komplekslarini joylashtirgan. Bu Rossiya davlat xaridlari saytidagi ushbu komplekslarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish uchun berilgan arizadan ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Meduza.
Arizadan ma’lum bo‘lishicha, Arxangel, Kaliningrad, Moskva, Murmansk, Nijniy Novgorod viloyatlari, Krasnodar va Primorye o‘lkalari, Yahudiylar muxtor viloyati va Belarusdagi 13 ta harbiy qismlarga 16 ta “Samarqand” komplekslari joylashtirilgan. “Interfaks”ning yozishicha, ular Rossiya harbiy-dengiz floti obyektlarida joylashgan.
Radioelektron kurash komplekslarining asosiy vazifasi dushman kommunikatsiyalari faoliyatiga xalal berish va ularni ishdan chiqarishdan iborat.
Rossiya harbiy-dengiz floti obyektlari “Samarqand” komplekslari o‘rnatilayotgani haqida 2017-yili ma’lum bo‘lgan edi. Ayni vaqtda rossiyalik harbiylar ushbu kompleksga doir tafsilotlarni ma’lum qilmagan.
Izoh (0)