Moldova prezidenti Igor Dodon beshinchi marta lavozimidan chetlatiladi. Bu haqda 26-oktabr kuni mamlakat parlamenti raisi Adrian Kandu ma’lum qildi, deb yozmoqda “Korrespondent.net”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, chetlatishga prezidentning parlament tomonidan qabul qilingan ikkita qonun loyihasini imzolamagani sabab bo‘lmoqda. Xususan, Dodon Respublika stadioni joylashgan maydonni AQShning Moldovadagi elchixonasiga berish haqidagi qonun loyihasiga, shuningdek, 9-mayni G‘alaba kuni bilan bir qatortda Yevropa kuni sifatida nishonlash haqidagi qonun loyihasiga imzo chekmagan.
Parlament rasining qayd etishicha, Dodon Televideniye va radio haqidagi yangi kodeksni rad qilishni ham ko‘zlamoqda. Buning natijasida hukmron koalitsiya prezidentni o‘z lavozimidan chetlatishni yana bir marta talab qilishga majbur bo‘lgan. Koalitsiya uning vakolatlarini mamlakat bosh vaziri Pavel Filipga topshirishni talab qilmoqda.
Moldova prezidenti Dodon bunga qadar o‘z lavozimidan to‘rt marta chetlatilgan. So‘nggi marta oktabr oyida mudofaa vaziri nomzodi uchun rozilik bermagani sababli o‘z vazifalarini bajarishdan chetlatilgan.
Izoh (0)