Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 22-oktabr tongida bir necha kishining o‘limi bilan tugagan yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, 22-oktabr kuni soat 8:05 atrofida “Buxoro—Nukus—Beruniy” yo‘lining Beruniy tumanidan o‘tgan 680-kilometrida Nexia va Cobalt rusumli avtomobillar ishtirokida YTH yuz bergan.
Nexia avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketishi oqibatida, qarshi tomondan kelayotgan Cobalt’ga urilgan.
“YTH natijasida besh nafar fuqaro vafot etgan va yana besh nafar fuqaro tan jarohati olgan”, — deyiladi FVV axborotida. Jarohat olganlar Beruniy tuman kasalxonasiga yotqizilgan; ularning joriy ahvoli haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Qayd etishlaricha, sodir bo‘lgan YTH yuzasidan dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)