Toshkent viloyatida O‘zbekiston—Rossiya hamkorligida 120 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. E’tiborlisi, sanoat, qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlardagi mazkur korxonalarning 30 tasi joriy yilda ish boshladi, deb yozadi O‘zA.
Xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonalarda mahalliy xomashyodan sifatli, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu ichki bozor talabini to‘la qondirish bilan birga, mamlakat ishlab chiqarish va eksport hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.
Angren shahrida ham rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida 10 ga yaqin korxona sanoat va savdo yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Sungreen tex mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona ana shulardan biri.
Korxona tikuvchilari tomonidan oyiga o‘rtacha 120 mingdan ziyod mahsulot tayyorlanmoqda. Mahalliy xomashyodan pishiq va sifatli tikilgan kiyimlarning bir qismi korxona do‘konida sotilayotgan bo‘lsa, asosiy qismi MDH davlatlariga eksport qilinmoqda.
Bolalar uchun 30 dan ortiq turda kiyim tayyorlanayotgan mazkur jamiyat xorijiy yetakchi firmalarning zamonaviy tikuv dastgohlari bilan jihozlangan. Ayni paytda korxonada 280 dan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati mahalliy yoshlar ekani e’tiborlidir.
Izoh (0)