15-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqot va uchrashuvlar qardosh xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligini, o‘zaro hurmat, qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga, ikki tomonlama foydali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbari Turkmaniston Prezidentini OAVni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Osiyo-Tinch okeani teleradioeshittiruvchilar uyushmasi mukofoti sohibi bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.
Joriy yil avgust oyida Avazada Turkmaniston Prezidenti raisligida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi sammitining samarali natijalari yuqori baholandi. Ekologiya masalalari, jumladan, Orol halokati oqibatlarini bartaraf etish Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston rahbariga samimiy tabrik uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama munosabatlar izchil mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika, samarali transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Xususan, joriy yil 14-oktabr kuni Termiz shahrida Turkmaniston ijodiy jamoalari ishtirokida konsert muvaffaqiyatli o‘tgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Izoh (0)