O‘zbekistonda 20-oktabrdan 4-noyabrga qadar kibersport bo‘yicha World Electronic Sports Games (WESG) xalqaro turniri doirasida malakali matchlar o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
WESG saralash bosqichlari jahon bo‘ylab o‘tkazilmoqda va uning final bosqichida eng yaxshi o‘yinchilar ishtirok etadi. O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida malakali matchlarda bir paytning o‘zida oltita o‘yin turi bo‘yicha ishtirok etadigan o‘zbek geymerlari ham bo‘lishi mumkin.
WESG ishtirokchilarining final janglarini o‘tkazish uchun Xitoyning Chunsin shahri tanlandi. 2019-yilning mart oyida bu yerga dunyodagi eng kuchli geymerlar to‘planadi. Turnirning mukofot jamg‘armasi 5,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Avvalgi qator turnirlarda bo‘lgani kabi, WESG’da, shuningdek, ayollar va erkaklar monomilliy jamoalari ishtirok etadi.
Joriy yilning 15-avgustidan boshlab O‘zbekiston kibersportni sport turlaridan biri sifatida rasman tan olgan mamlakatlar qatoriga qo‘shildi.
Elektron kompyuter sportining e’tirof etilgan sport turlari rasmiy reyestriga kiritilishi uni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, kibersport mahalliy AT tarmog‘i uchun raqamli kelajak kalitidir.
Hozir dunyo miqyosida kibersportning auditoriyasi 230 million kishidan oshadi, buni boshqa sport turlari auditoriyasi bilan taqqoslash mumkin. Ayni paytda ushbu auditoriya har yili 10-20 foizga oshib bormoqda. Newzoo tahliliy kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, kibersport sohasidagi daromadlar yildan-yilga o‘sib boradi. Bunda salmoqli daromad reklama, homiylik yordami, chiptalar va brend mahsulotlari sotish va kibersport voqealarini translyatsiya qilish huquqi hisobiga ta’minlanadi.
2020-yilga kelib kompaniyaning kibersportga ajratiladigan investitsiyalari miqdori ikki barobar oshirilishi rejalashtirilmoqda, natijada sanoatning umumiy daromadi 1,5 milliard AQSh dollariga yetadi. Bunday auditoriya nafaqat IT sohasidagi yirik kompaniyalar, balki yoshlar va qolaversa o‘ziga to‘q va zamonaviy texnologiyalarga ixlosmand odamlar o‘rtasida o‘z brendini olib kirishdan manfaatdor bo‘lgan kompaniyalarni ham tobora ko‘proq jalb qiladi.
Izoh (0)