“Arsenal” hamda “Barselona” klubining sobiq hujumchisi Tyerri Anri Fransiyaning “Monako” klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda monegasklar rasmiy sayti xabar berdi.
41 yoshli franiyalik mutaxassis “Monako” bilan 2021-yil iyuniga qadar shartnoma imzoladi. Anri 2016-yildan shu vaqtga qadar Belgiya terma jamoasida bosh murabbiy Roberto Martinesning yordamchisi sifatida ishlab kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, Anri “Monako” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klub safida 1994—1999-yillarda faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, 11-oktabr sanasida qator omadsizliklardan so‘ng “Monako” portugaliyalik Leonardu Jardimni iste’foga chiqargandi. Klub joriy mavsumning 11 ta o‘yinida atigi bitta o‘yinda g‘alaba qozongandi, xolos. Liga 1 da esa 9 turdan keyin 6 ochko bilan jamg‘argan “Monako” 18-o‘rinni band etib turibdi.
Jardim klub safida 2014-yil yozidan boshlab ishlab kelayotgandi. Uning qo‘l ostida jamoa Fransiya chempionatining 2016/17-yilgi mavsumida chempionlikka erishgandi.
Izoh (0)