Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga MDH davlatlari mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun kelgan delegatsiya rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Tojikiston, Ozarbayjon va Armaniston mudofaa vazirlari, Qirg‘iziston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i va MDH mudofaa vazirlari kengashi kotibi ishtirok etdi.
Davlat rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Toshkentda ilk bor MDH mudofaa vazirlari kengashi majlisi o‘tkazilishi mamlakatning Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtiroki yangi bosqichga o‘tganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Muloqot davomida MDH doirasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik, jumladan, vazirliklararo sheriklik, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazish, harbiy kadrlarning professional tayyorgarligi borasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb yo‘nalishlari, jumladan, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti MDH mudofaa vazirlari kengashi majlisi ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Izoh (0)