O‘zbekistonning qator oliy ta’lim muassasalari bilan Fransiyaning Parij-Syud, Parij I Panteon-Sorbonna, Parij IV, Grenobl, Nitssa Sofiya Antipolis, Tuluza, Bretan-syud kabi universitetlari, Sharq tillari va sivilizatsiyalari Milliy instituti, Tuluza shahridagi siyosiy tadqiqotlar instituti va Versal shahridagi Oliy arxitektura maktabi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va protokollar imzolangan, deb yozadi O‘zA.
Bugungi kunda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti negizida Parij xalqaro moda akademiyasi filialini tashkil qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, fransiyalik pedagoglarning Samarqand “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti faoliyati va unda fransuz tilidan saboq berishni joriy etishda ishtiroki borasidagi dasturlarni ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori ijrosi doirasida esa O‘zbekistonda fransuz mutaxassislari ishtirokida o‘zbek o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha seminarlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham Fransiya bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. 2015-yilning aprelidan boshlab Toshkentda o‘z ishini tashkil qilib kelayotgan “Toshkent Fransuz alyansi” ham samarali faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda mamlakatning 1 ming 260 maktab, kollej va litseylarida, shuningdek, 8 ta oliy ta’lim muassasasida 280 mingdan ziyod yoshlar fransuz tilidan saboq olmoqda.
Shuningdek, birodarlashgan shaharlar — Samarqand bilan Lion, Xiva bilan Versal, Buxoro bilan Ruey-Malmezon o‘rtasidagi amaliy hamkorlik doirasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)