O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekistondagi moddiy madaniy meros obyektlari xatlovdan o‘tkazilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Bu borada 720 dan ortiq madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli o‘rganish va xatlovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Partiya markaziy kengashi raisi o‘rinbosari F. Muhamedjonova boshchiligidagi guruhning navbatdagi o‘rganish va xatlovdan o‘tkazish manzili Parkent tumanining Nomdanak qishlog‘i bo‘ldi. Partiya ishchi guruhi tomonidan qishloq hududida joylashgan “Said Ja’far As-Sodiq G‘oziy ibn Husayn” ziyoratgohi hamda “Chorloq tepa” manzilgohi o‘rganildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Said Ja’far As-Sodiq G‘oziy ibn Husayn” majmuasida 2006—2007-yillarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, maqbara qayta tiklangan. Ammo, uning qarovsiz, o‘z holiga tashlab qo‘yilishi natijasida yuzaga kelgan holatni ko‘rgan odam bunchalik yaqin vaqt ichida qayta tiklanganiga ishonmaydi. Maqbaraning peshlavhasi darz ketib, 10 bo‘lakka bo‘lingan. Burchak qismidagi kichik bir bo‘lagi yo‘q. Yon-atrofdagi manzara bu yerda yaqin vaqt oralig‘ida obodonlashtirish ishlari bo‘lmaganidan guvohlik beradi.
Yana bir qiziq jihati, mazkur muqaddas qadamjoning kadastr hujjatlari mavjud bo‘lib, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish davlat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatga kiritilmagan.
Mahalliy aholi tomonidan “Chorloq tepa”, ba’zi hollarda esa “Challak tepa”, deb ataluvchi arxeologik tepalikning balandligi 45 metrlar chamasi bo‘lib, qadimda mudofaa maqsadlarida foydalanilgan.
“VI-XII asrlarga oid, deb hisoblanuvchi mazkur tepalikning bugungi holatini ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi, — deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Nazarov. — Xususan, tepalik uzra sochilib yotgan turli sopol buyumlari parchalari, yovvoyi hayvonlarning suyak qoldiqlari tepalikning boy arxeologik manzilgoh ekanidan dalolat beradi. Afsuslanarli jihati shundaki, ushbu tepalikda tadqiqot ishlari olib borilmagan. Bu yerda ham shunga o‘xshash boshqa tepaliklardagi kabi yon-atrofga chiqindi tashlash holati ko‘zga tashlanadi. Tepalik bilan bog‘liq og‘riqli masalalardan yana biri mahalliy aholi tomonidan tepalik tuprog‘ining turli maqsadlarda olib ketilayotganidir”.
Izoh (0)