Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Germaniyaning RIMC Hotels and Resorts kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi, deb yozadi O‘zA.
Uchrashuvda viloyat hokimi O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu jarayonda investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, soliq va boshqa imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Samarqandda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va bunda xorijiy kompaniyalarning ishtirokiga to‘xtaldi.
RIMC Hotels and Resorts kompaniyasi xalqaro mehmonxona tarmog‘i va boshqaruv sohasida faoliyat yuritadi. Ayni paytda kompaniyaning Germaniya, Avstriya, Italiya, Ispaniya, Shveysariya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda mehmonxonalari mavjud.
“Biz boshqa xalqaro mehmonxona tarmoqlari kabi barcha mehmonxonalarni bir xil emas, balki har bir hududga mos tarzda tashkil etamiz, — deydi RIMC Hotels and Resorts kompaniyasi boshqaruvchisi Gert Prantner. — Bunda o‘sha davlat va xalqning turmush tarzi, an’analariga, hududning tabiiy iqlim sharoitiga e’tibor qaratamiz. Va, albatta, mehmonxona xodimlari ham mahalliy aholidan tanlab olinadi. Biz, Samarqandning dovrug‘iga mos, sayyohlar didiga har tomonlama ma’qul mehmonxona qurishni maqsad qilganmiz. Viloyat hokimligi tomonidan bizning takliflarimiz ijobiy qabul qilinganidan xursandmiz”.
Uchrashuv davomida mehmonlar Samarqand viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham o‘z takliflarini bildirdi.
Delegatsiya a’zolari Samarqandning tarixiy obidalari va boshqa diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lib, shaharning turistik imkoniyatlari bilan tanishdi.
Izoh (0)