Namanganda IIB xodimiga hujjatlarni qayd etmaslik va jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga 10 ming AQSh dollari taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yil 28-sentabr kuni viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Namangan shahrida yashovchi, 1959-yilda tug‘ilgan M.Nosir boshqaruvida bo‘lgan Cobalt to‘xtatilib, tekshirib ko‘rilganida avtomashina salonida 8,0 gramm gashish giyohvanlik vositasi borligi aniqlanadi. To‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Namangan shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasiga yuboriladi.
1-oktabr kuni Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi katta tezkor vakili viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, M.Nosir ushbu hujjatlarni qayd etmaslik va jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga 10.000 AQSh dollari miqdorida pora taklif qilayotganini ma’lum qilgan.
Mazkur bildirgiga asosan viloyat prokuraturasi, O‘z xavfsizligi bo‘limi va JQB xodimlari ishtirokida 2-oktabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda M.Nosir tezkor vakilga tegishli avtomashina ichida IIB xodimiga 9.050 AQSh dollarini pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.
Ushbu holat bo‘yicha Namangan shahar prokuraturasi tomonidan 2018-yil 3-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 211-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)