O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan 20-sentabrdan 20-oktabrgacha o‘tkazilayotgan “Sog‘lom ayol oyligi” doirasida Andijon viloyatida ham qator tadbirlar tashkil etilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot shifokorlari, patronaj hamshiralari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislari, “Salomatlik maktabi” a’zolari hamkorligida hududlarda tug‘ruq yoshidagi ayollar qayta xatlovdan o‘tkazilib, aniq reja asosida tibbiy ko‘rikka jalb etilmoqda. Ayniqsa, homilador ayollar salomatligi alohida nazoratga olinib, ularga zarur tavsiya, maslahat va amaliy yordam berilmoqda.
“Oylik davomida viloyatda 700 mingdan ziyod fertil yoshidagi ayollar va o‘smir qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Gulnahor Abdullayeva. — Umumta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida ham tibbiy ko‘rik, sog‘lomlashtirish aksiyalari tashkil etilmoqda”.
Tibbiy ko‘riklar samaradorligini ta’minlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti olimlari, institut klinikasi, viloyat tibbiyot muassasalarining tajribali shifokorlari ham ko‘rikka jalb etilmoqda.
Ayollar o‘rtasida reproduktiv salomatlikni asrash, erta tug‘ruqlar, turli xastaliklar kelib chiqishining oldini olish, bexatar onalikni ta’minlash, o‘smir qizlar salomatligi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha muloqot va suhbatlar o‘tkazilmoqda.
Tibbiy ko‘riklar davomida xastaligi aniqlangan xotin-qizlar ambulator va statsionar sharoitda davolashga jalb etilmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj ayollarni viloyat va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning viloyat filiallarida sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Izoh (0)