Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga 27—30-sentabr kunlari Qozon federal universiteti rektori professor Ilshat Rafkatovich Gafurov va (prorektorlari) direktorlari tashrif buyurdi, deb yozadi O‘zA.
Uchrashuv davomida mehmonlar 100 yillik tarixiga ega universitet va uning fakultetlari bilan yaqindan tanishdi.
Yuqori texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi jihozlar va talabalarning ilmiy ijod qilish salohiyatlarini ko‘zdan kechirdi. Biologiya, kimyo fakultetining qator olimlari va talabalari bilan uchrashdi, qizg‘in suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur ta’lim muassasalari o‘rtasidagi uch kunlik muzokarada ilmiy hamkorlik va qo‘shma fakultet ochish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiyasi vakillari fizika, matematika, iqtisod kafedralariga tashrif buyurib u yerdagi faoliyatlarni o‘rgandi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya Vazirligi qoshidagi ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va innovatsion texnologiyalar markazi faoliyati bilan tanishib, bu yerdagi yosh olimlar bilan fikr almashdi.
28-sentabr kuni universitet rahbariyati va Qozon federal universiteti vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatda ikki OTM vakillari tomonidan universitetlar faoliyatlari haqida ma’lumot berdi. Kelajakda salohiyatli kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni yanada izchil yo‘lga qo‘yish choralari, ma’lumot va adabiyot almashish yo‘llari haqida kelishib olindi.
Tadbir doirasida QFUning O‘zbekiston Milliy universitetida ofisi ochilgani katta ahamiyat kasb etdi. Endi ushbu ofisdan ikki muassasa hamkorligidagi faoliyatlari haqida barcha ma’lumotlarni topish mumkin. Shuningdek, bu yerda Rossiyada o‘qishni davom ettirishni xohlagan yoshlarga maslahat va yo‘llanmalar ham beriladi.
Tataristonlik delegatsiya a’zolari 27—30-sentabr kunlari ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Namangan texnika universiteti va Samarqand davlat universiteti rektorlari bilan ham uchrashdi. Muzokaralarda o‘zaro hamkorlik va aloqalarni yuqori bosqichga ko‘tarish masalalari o‘rtaga tashlandi. Qozon universitetining olimlari o‘zbekistonlik yosh olimlar tomonidan geologiya, kimyo va fizika sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va ilmda erishayotgan yutuqlarini yuqori baholadi.
Izoh (0)