O‘zbekiston Prezidentining 30-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘p qavatli binolarning birinchi qavati maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘lishi qayd etildi, deb yozadi O‘zA.
Mas’ul tashkilotlar 2018-yil 1-noyabrgacha qishloq joylarda bir nechta ko‘p qavatli turar joy uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi majmualarni loyihalashtirish normativlari va tartibini ishlab chiqadi. Hamda ko‘p qavatli turar-joy uylarining birinchi qavatlarida yoki alohida bino ko‘rinishida maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lishi yuzasidan takliflarni beradi.
Qarorda quyidagilar belgilandi:
Qishloq joylarda bir nechta ko‘p qavatli turar joy-uylari yoki uylar guruhlaridan iborat yangi qurilayotgan majmualardagi maktabgacha ta’lim muassasasining eng kam quvvati 50 o‘rindan kam bo‘lmaydi.
Qurilgan maktabgacha ta’lim muassasalari binolari yoki xonalari davlat yoki nodavlat ta’lim muassasalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida, turar-joy mulkdorlarining qaroriga muvofiq tashkil qilish uchun foydalanilishi mumkin.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulkni olib qo‘yish faqat Vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Kelishmagan holda qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Izoh (0)