1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi tizimida yuridik kadrlarni tarbiyalab kelayotgan professor-o‘qituvchilar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda adliya organlari va muassasalari vakillari, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, akademik litsey va yuridik kollejlarning professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo”ga Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Tadbirda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘zga chiqib, ta’lim sohasida olib borilayotgan keng miqyosli islohotlar, bu jarayonda yuridik ta’limga qaratilayotgan alohida e’tibor haqida o‘z munosabatini bildirdi. Adliya vazirligi doimo mamlakatimizning yuridik kadrlar tayyorlash tizimiga rasman javobgar idora ekanligi, hozirda vazirlik tasarrufidagi yuridik ta’lim muassasalarida 1000 ga yaqin pedagog xodimlar mehnat qilib kelayotganligi ta’kidlandi. Ular orasida 1 nafar akademik, 22 nafar professor, 23 nafar fan doktori va 67 nafar falsafa doktorlari mavjud.
Respublikaning barcha hududlarida 14 ta yuridik kollejlar tashkil etilgan. Mazkur kollejlarning eng namunali bitiruvchilari hududiy adliya organlarining yo‘llanmalari bo‘yicha kirish test sinovlarisiz Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, universitetning magistraturasida o‘qitish muddati 1 yilga qisqartirildi.
Tadbirda yoshlar tarbiyasida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlar adliya vazirligining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bayram tadbir yakuni badiiy qismga ulanib, unda xalqimiz ardog‘idagi san’atkor va madaniyat xodimlari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi.
Izoh (0)