Islom dunyosining mashhur olimi Shayx Muhammad Avvomaning O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda, deb yozadi “Islom.uz”.
25-sentabr kuni muhaddis olim Shayx Muhammad Avvoma hazratlari boshchiligidagi mehmonlar Ko‘kcha dahasidagi “Shayx Zayniddin” qabristoniga kelib, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh qabrlarini ziyorat qildi.
So‘ngra mehmonlar Qorasaroy ko‘chasining Hastimom majmuasiga borib, u yerdagi muzey-kutubxonada saqlanayotgan Usmon Mushafini ko‘zdan kechirdi.
Keyin Abu Bakr Qaffoli Shoshiy rohimahulloning qabrlarini ham ziyorat qildi. Ziyorat asnosida Shayx hazratlari o‘zlarining “Maolimi irshodiyya li tolibi ilm” asarlaridan Qaffoli Shoshiy hazratlarining talabi ilmni boshlashlariga sabab bo‘lgan qissani o‘qib, undan olinadigan ibratlarni ziyoratchilarga so‘zlab berdi.
Navbatdagi tashrif manzili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti bo‘ldi. Tashrif davomida o‘quv yurti madarris va talabalari bilan ilmiy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi. Uchrashuvda ilmi toliblarga talabi ilm borasida qimmatli maslahat hamda ko‘rsatmalar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov hazrat bilan uchrashdi.
Izoh (0)