Nissan kompaniyasi Yevropa kosmik agentligi xodimlari yordamida Navara pikapini ko‘chma observatoriyaga aylantirdi. Navara Dark Sky deb ataladigan namuna professional teleskop bilan jihozlangan va Gannoverda tijoriy transport ko‘rgazmasiga qo‘yilgan. Bu haqda “Motor” xabar berdi.
Nissan Navara Dark Sky yulduzli osmonning eng aniq xaritasini tuzish bo‘yicha loyihaning bir qismi bo‘ldi. Buning uchun agentlik Gaia astronomik yo‘ldoshdan foydalanmoqda. Yo‘ldosh Yerga yaqin joylashgan milliarddan ortiq yulduz bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar to‘plamini jo‘natgan.
Nissan’ning g‘oyasiga ko‘ra, bunday pikap astronomlar tomonidan eng qorong‘u osmon deb ataluvchi joyga yetib borishda foydalanilishi mumkin. Bunday joyda osmon sun’iy yoritish moslamalari ta’siridan maksimal darajada xoli va osmon jismlarining yorug‘ligi yuqori darajada bo‘ladi.
PlaneWave teleskopi o‘rnatilgan tirkama mexanik uzatmali qoplama bilan himoyalangan. Yuqori aniqlikdagi optikaga ta’sirning oldini olish uchun modulning ichi doimiy sovutib turiladi. Teleskop Saturn aylanasi ortini kuzatishga va uzoq galaktikalar va tumanliklarni ko‘rishga imkon beradi.
Pikap 190 ot kuchiga ega 2,3 litr sig‘imli dvigatel bilan jihozlangan. Shuningdek, u ko‘chma akkumulyatorlar bloki, Wi Fi aloqasi, noutbuk o‘rnatish uchun stansiyaga ega. Treylerni to‘g‘ri joylashtirishga Nissan Intelligent Mobility tarkibiga kiruvchi tizimning kamera va sensorlari yordam beradi.
Izoh (0)