11-oktabrda bo‘lib o‘tadigan Mobicon 2018 mobil konferensiyasi doirasida O‘zbekistonda birinchi bor YouTube vakili Samson Bezmyatejniy ishtirok etadi. Samson Bezmyatejniy Genesis YouTube Qazaqstan&Central Asia rahbaridir, deb yozadi UzDaily.
Samson Bezmyatejniy YouTube’ning Qozog‘iston, Markaziy Osiyo va dunyo mamlakatlarida rivojlanishi, sohadagi so‘nggi trendlar haqida so‘zlab, ushbu videoservisda qanday qilib o‘z kanalingizni rivojlantirishingiz mumkinligi haqida maslahatlar beradi.
Hozirda YouTube Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan, O‘zbekistonda ommaviylashmoqda. Mamlakatda YouTube’dagi roliklar ko‘rilishi soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda blogerlar sonining o‘sishi bilan bog‘liq. Hozirda ayrim YouTube kanallarining obunachilari soni 500-600 mingga yetgan.
Shu munosabat bilan Mobicon 2018 konferensiyasida asosan YouTube’da kanallariga ega bo‘lgan videoblogerlar chiqishi kutilmoqda. Ishtiroki rejalashtirilgan blogerlarning to‘liq ro‘yxati bilan rasmiy saytda tanishish mumkin.
Mobicon 2018 konferensiyasi faqat bir kun — 11-oktabrda International Hotel Tashkent mehmonxonasida o‘tkaziladi. Tinglovchi sifatida ishtirok etish — bepul.
Taklifnomani qo‘lga kiritish uchun tadbirning rasmiy Telegram-kanalida ro‘yxatdan o‘tish kerak. Konferensiyadan uch kun avval Telegram-kanalning barcha a’zolariga elektron taklifnoma jo‘natiladi. Mazkur taklifnoma bilan konferensiya o‘tkazilayotgan binoga kirish mumkin.
Izoh (0)