Toshkent harbiy okrugiga qarshli Angren dala o‘quv maydonida tanklarni tog‘li hududlarda boshqarish, shuningdek, tank qurollaridan otish mashqlarini bajarishda tarjibani oshirishga xizmat qiladigan navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
O‘quv nuqtasi rahbari podpolkovnik Abdurashid Ergashevning ta’kidlashicha, o‘quv mashg‘ulotlari birinchi navbatda harbiy xizmatchilarning taktik va jangovar tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu dala o‘quv maydonida kuzatuv punkti joylashgan bo‘lib, bu yerdan mashg‘ulot jarayoni qay yo‘sinda ketayotganini bemalol kuzatish mumkin. Maxsus qazilgan okoplar ichiga maskirovka qilingan bir juft T-62 tanklari yordamida haqiqiy jangovar snaryadlar orqali nishonlar yakson qilindi.
Mazkur mashg‘ulot tayyorgarligi dasturiga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra aksariyat mashqlar yuqori nuqtalarda joylashgan nishonlarni yakson qilish bilan amalga oshirildi. Bu esa o‘z navbatida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qilyapti.
“Beshta nishonni yakson qilish vazifasi qo‘yilgan edi. Dastlabki ikkitasi – tog‘li hududda joylashgan shartli dushmanning harbiy texnikasini yo‘q qilish bo‘lsa, qolganlari yerdagi nishonlar — harakatlanib kelayotgan ehtimoliy dushman piyodalar guruhini pulemyotlar yordamida o‘qqa tutish. Barcha mashqlar a’lo dajarada bajarildi”, — deydi tank komandiri kichik serjant Abdulaziz G‘aniyev.
Izoh (0)