“Toshshahartransxizmat” AJ rahbarining xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha barcha me’yorlar belgilab berilgan maxsus buyrug‘i chiqarildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.
“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan o‘rganishlar jarayonida tizim faoliyatida o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligini ko‘rsatdi. Xususan, jamiyat rahbari boshchiligidagi guruh joriy yilning 6-sentabr kuni bir necha tanlov asosida 1, 5, 12 avtosaroylardan erta tonga yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslarni o‘rganganda ularning aksariyati texnik nosozligi, antisanitariya holatdaligi, haydovchilar maxsus kiyimda emasligi, chiptachilarning ish vaqtida o‘z joyida yo‘qligi kabi qator kamchiliklar aniqlandi.
Ushbu masala “Toshshahartransxizmat” AJda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda atroflicha muhokama etildi.
Yuqoridagi kabi kamchiliklarga barham berish, avtosaroylar rahbar va mas’ul shaxslarini xushyorlikka chaqirish, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishga undash maqsadida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 1, 5 hamda 12-avtosaroy navbatchi mexaniklari o‘z vazifasidan ozod etildi. Mazkur korxona rahbarlariga xayfsan e’lon qilindi.
O‘rganishlar muntazam davom ettirilmoqda.
Izoh (0)