“Daryo”, “Kun.uz” va “Xabar.uz” xodimlari AQShga uyushtirgan safar chog‘ida turli tadbirlarda bo‘ldi, ko‘plar bilan suhbat qurdi. Jumladan, Chikago O‘zbek-Amerika assotsiatsiyasi vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvda AQShning Illinoys shtatida istiqomat qiluvchi o‘zbeklar hayoti bilan tanishish imkoniyati tug‘ildi.
Tashkilot Illinoys shtatidagi o‘zbeklarni birlashtirgan. Tashkilot o‘zbek urf-odatlari, qadriyatlari va ona-tilini asrab qolishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Safar chog‘ida assotsiatsiya prezidenti Olim Sharipovdan intervyu oldik.
Quyida suhbatning to‘liq videosini ko‘rishingiz mumkin:
Avvalambor, sizlarni mana shu yerga tashrif buyurishingiz biz uchun quvonchli hodisa bo‘ldi. Chikagodagi O‘zbek-Amerika assotsiatsiyasi 2009-yilning yanvaridan boshlab o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu yerda bir kishi bor. U kishi AQShda 1979-yildan buyon istiqomat qiladi. Millati o‘zbek. Ismlari Sirojiddin Nasafiy. Tashkilot mana shu insonning tashabbusi bilan dunyo yuzini ko‘rdi. Hozir u kishining yoshlari 70 dan oshdi. U kishi juda vatanparvar zot. Shu sababmi, doim bizga, o‘zbekliklaringni, tillaringni, dinlaringni yo‘qotmanglar, siz yo‘qotmasligingiz mumkin, ammo farzandlaringiz yo‘qotishi mumkin, deb nasihat qiladi.Olim Sharipov bugungi O‘zbekiston hayoti, olib borilayotgan siyosatga o‘z munosabatini bildirdi.Biz assotsiatsiya faoliyatini olti bo‘limga bo‘lgan holda bajaryapmiz. Birinchisi madaniyat bo‘limi bo‘lib, uning faoliyatiga turli festivallar, Navro‘z, O‘zbekiston mustaqilligi bayrami, ikkita Hayit bayrami va shunga o‘xshash tantanalarni o‘tkazish kiradi. Ikkinchi bo‘limimiz millatlararo aloqalar bo‘limidir. Bundan tashqari, sport, xotin-qizlar, ta’lim-tarbiya bo‘limlari ham faoliyat yuritib keladi.
Assotsiatsiyani AQSh hukumati qaydidan o‘tkazish uncha qiyin bo‘lmadi. O‘zimizning qonun-qoidalarimizni tuzib chiqdik. Huquqshunos yordam berdi, juda oson bo‘ldi. Biz hech qanday soliq to‘lamaymiz, ulardan ozodmiz. Biroq davlat tomonidan moddiy ko‘mak ham ko‘rsatilmaydi. Biz tashkilot a’zolari va xayrixoh insonlarning homiyligi asosida ish olib boryapmiz.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrif buyurganlarida u yerlik o‘zbekistonliklar bilan ko‘rishgan edilar. Ular orasida men ham bor edim. O‘sha uchrashuvda u kishi “Qanday qilsak aloqalarimiz yanada yaxshilanadi?”, deb savol berdilar. Shunda o‘z takliflarimning ba’zilarini aytdim, ba’zilarini aytishga esa vaqt yetmadi.Xurshid Daliyev, Eldar Asanov va Jamshid Niyozov suhbatlashdi.“O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va chet eldagi vatandoshlar bilan hamkorlik” degan tashkilot bor. Ular bilan bizning hamkorligimiz bor. Joriy yil hamkorlikda farzandlarimizni O‘zbekistondagi oromgohga olib bormoqchi edik. Ular “O‘zbekiston havo yo‘llari” avikompaniyasi bilan arzon chiptalar masalasida kelisha olishmadi shekilli, bu ish amalga oshmay qoldi. Keyingi yil mana shu rejamiz amalga oshishidan umidvormiz, chunki ota-onalarni ishontirish oson ish emas.
Bu har tomonlama foyda. Chunki farzandlarimiz O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsa, vatanga bo‘lgan muhabbatlari yanada oshadi. Ertaga mana shu yerda katta-katta ishlarda ishlaganlarida O‘zbekistonga ham qaysidir ma’noda yordam berishadi. Buning uchun vatan bilan borish-kelishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Vatanning qadri undan chiqqaningdan so‘ng bilinar ekan. Men bu yerda Juma namoziga chiqqanda boshimga o‘zbek do‘ppisini kiyib boraman. Nima uchun? Bitta o‘zbek uchrab qolsa, meni oson topib olsin uchun. Nyu-Yorkda bo‘lgan teraktdan xabaringiz bor. O‘zbek millati vakili tomonidan amalga oshirildi. Shundan so‘ng, taksiga chiqqan mijozlar o‘zbek haydovchisining mashinasidan tushib ketadigan bo‘lishdi. Chunki, “O‘zbek yomon ekan”, degan nafrat paydo bo‘lib qoldi odamlarda. Bizning eng katta niyatlarimizdan biri ham, mana shunday yomon tushunchani yaxshi tushunchaga aylantirish.
Izoh (0)