Toshkent DSB tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini qayta tiklash va yangi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hisobiga joriy yilning 7 oyi davomida yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 3 791 nafarga ko‘paydi. Bu haqda boshqarma Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Shu bilan birgalikda, ushbu tadbirkorlik subyektlarida yollanma ishchi sifatida ishlayotgan 2 091 nafar fuqaroning faoliyati qonuniylashtirildi. Natijada budjetga 11,1 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar jalb etilishi ta’minlandi.
Bu ko‘rsatkich so‘nggi ikki oyda yanada yuqoriladi. Xususan, iyun—iyul oylarida Toshkent shahrida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 1 819 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan 1 191 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati qayta tiklandi. Ularda yollanma ishchi sifatida ishlayotgan 1 017 nafar fuqaroning faoliyati qonuniylashtirildi. Natijada budjetga 4,3 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar jalb etilishi ta’minlandi.
Jumladan, poytaxtning Uchtepa tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida fuqaro G‘ayratjon Xojiakbarov hududda joylashgan “Nazarbek temir savdo” bozorida qurilish mollari savdosini yo‘lga qo‘ygani, hujjatlarni esa rasmiylashtirmagani aniqlandi.
Xuddi shuningdek, fuqaro Feruza Xolmuratova ham Bektemir tumani Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasi 6-uyda joylashgan “Ko‘klamgi vodiy” MChJga qarashli savdo do‘konida hech qanday hujjatlarsiz tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.
Tadbirlar natijasida ushbu fuqarolarga rasmiy ogohlantirish berildi hamda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uchun amaliy yordam ko‘rsatildi. Hozirgi vaqtda ular davlat ro‘yxatidan o‘tib, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirmoqda.
Izoh (0)