Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi “Mustaqillikning 27 yilligi” massivida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirdi.
Bekobodda 90 mingdan ziyod aholi yashaydi. Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida shaharda beshta yetti qavatli uy qurib bitkazilmoqda. Davlat rahbari taklifi bilan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi” deb nomlangan mazkur yangi mavzeda odamlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Uylarni qurishda eng zamonaviy materiallardan foydalanilmoqda, xonadonlarga energiya tejamkor isitish qozonlari o‘rnatilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident shu yerda shahar aholisi bilan muloqot qildi. O‘zbekiston metallurgiya kombinatida va Bekobod shahrida yangi korxonalar ishga tushirilib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilgani, qurilayotgan uy-joylar va ijtimoiy obyektlar odamlar turmush darajasini oshirgani ta’kidlandi. Davlat rahbari joriy yilda Olmaliq, Yangiyo‘l, Bekobod, Nurafshon shaharlarida 2604 xonadondan iborat 62 ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi.
Shu yerda Ohangaron shahridagi Amir Temur ko‘chasini rekonstruksiya qilish, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Ohangaron tumanlarida namunaviy uylar qurish, viloyatda ichimlik suv tizimini yaxshilashga qaratilgan loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.
Izoh (0)