Misr poytaxti Qohiraga xizmat safarini amalga oshirayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hay’ati 26-avgust kuni Qohira islom san’ati muzeyida bo‘ldi. Muzeyning bosh direktori doktor Mamduh Usmon bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tomonlar hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolash va unga ko‘ra ma’lumot, tajriba almashish, xodimlarning o‘zaro malakalarini oshirish hamda Qohira islom san’ati muzeyi va O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida ekspozitsiyalar almashib turishga kelishib oldi.
Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Iskandariya kutubxonasi bosh direktori doktor Mustafo El Feki bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida doktor El Feki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan xabardor ekanini, mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ajdodlar merosini saqlash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarni kuzatib turganini mamnuniyat bilan qayd qildi.
“Aloqalarimiz tarixi mamluklar va hatto ulardan oldingi zamonlarga taqaladi, — dedi kutubxona direktori. Albatta biz hamkorlik qilishimiz, otalar an’analarini davom ettirishimiz kerak. Biz O‘zbekiston tomonining kutubxonamizdagi mashhur kishilar timsollari qatorida ko‘rish uchun Ahmad al-Farg‘oniy haykalchasini tortiq qilish niyatidan xabardor bo‘ldik. Ushbu ulug‘ olim mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, tariximiz va madaniyatlarimiz o‘rtasida misoli bir ko‘prikdir. Albatta bunday hadyani mamnuniyat bilan, sharaf deb bilib qabul qilamiz”.
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Iskandariya kutubxonasi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolashga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.
Izoh (0)