Koreya Respublikasida 2018-yil 17—23-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan 29-Xalqaro yoshlar forumida O‘zbekistonlik yoshlar ham qatnashdi. Bu haqda tadbir ishtirokchisi, Janubiy Koreyadagi Yonnam universiteti magistratura bosqichi talabasi Rahmonjon Ahmadjonov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Seul va Goyang shaharlarida o‘tkazilgan forumda dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan kelgan 155 kishi qatnashdi, ular orasida to‘rt nafar o‘zbekistonlik ham bor edi.
Ushbu Xalqaro yoshlar forumining bosh mavzusi — “To‘rtinchi sanoat inqilobi yoshlar bilan: Kelajakdagi hayot” bo‘ldi. Koreyaning yetakchi universitetlari professorlari ushbu mavzuda ma’ruzalar o‘qidi. So‘ng ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, bosh mavzu asosidagi kichik mavzular bo‘yicha bahs-munozaralar olib bordi. Yakunda esa ular tomonidan loyihalar, rejalar va takliflardan iborat taqdimot o‘tkazildi.
Shuningdek, forum doirasida Koreyaning diqqatga sazovor joylariga ikki kunlik safar ham uyushtirildi. Forumda ishtirok etish uchun barcha xarajatlar homiy tashkilotlar tomonidan qoplab berildi.
Tadbirga Koreya Respublikasi Jinsiy tenglik va oila vazirligi mezbonlik qildi. Tashkilotchilar — Koreya yoshlar tashkilotlari milliy kengashi va Myongji universiteti Sanoat va akademik hamkorlik fondi. Homiylar — Jahon Yoshlar Assambleyasi va Osiyo Yoshlar Kengashi.
Izoh (0)