Samarqand xalqaro aeroportiga Domodedovo—Samarqand yoʻnalishidagi 7985-raqamli aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Q.A. bojxona nazoratidan o‘tayotganida deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 39 turdagi umumiy bahosi 10 million so‘mga yaqin tibbiyot uskunalarini yashirib o‘tayotganligi maʼlum boʻldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasining xulosasiga ko‘ra daliliy ashyo sifatida olingan 39 turdagi tibbiyotda foydalaniladigan uskunalar fuqaro Q.A. tomonidan qonuniy litsenziyasiz (ruxsatnoma), sifatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi va ularni tashish, saqlash sharoitlariga amal qilinmaganligi sababli ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlarni Oʻzbekistonga olib kirish, sotish, foydalanish va tibbiy amaliyotga qoʻllashga ruxsat etilmaydi.
Aniqlangan holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat boʻyicha sud ishida fuqaro Q.A.ni qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi eʼtirof etilib, uning muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilmaganligini inobatga olib tegishli qaror chiqardi. Fuqaro Q.A. maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan tibbiyotda foydalaniladigan uskunalar tegishli tartibda yo‘q qilindi.
“Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti katta inspektor-surishtiruvchisi Laziz Qahhorovning maʼlum qilishicha, joriy yil boshidan buyon “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida 10 218 dona umumiy qiymati 165 million 559 ming soʻmlik tibbiy amaliyotda foydalanishga yaroqsiz deb topilgan tibbiyot buyumlari hamda dori vositalari olib kirilishi oldi olingan.
Izoh (0)