Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Hindistonda safarda bo‘lib qaytdi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Delegatsiya a’zolari davlat rahbarining Hindistonga bo‘lajak tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida ilmiy-texnikaviy, innovatsion sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini muhokama qildi.
Ilmiy-texnikaviy, innovatsion rivojlanishga aloqador vazirliklar, idoralar, tijorat tashkilotlari, OTMlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar va inkubatorlar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida ilmiy-texnikaviy, innovatsion yutuqlarni tijoratlashtirish jarayonini tezlashtirishga, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Hindiston tomoni o‘z navbatida elektron hukumat, telemeditsina va masofaviy ta’limni shakllantirish borasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
Safar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston—Hindiston innovatsion forumini tuzishga kelishildi. Mazkur forum ikki davlat olimlari, tadbirkorlari, investorlari, novatorlari va innovatsion g‘oyalar mualliflarini bir platformada birlashtirishi kutilmoqda. Forum tadbirkorlar va investorlarga istiqbolli innovatsion g‘oyalarni moliyalashtirish imkonini beradi. Keyinchalik bu forumni o‘zbek-hind innovatsiya jamg‘armasiga aylantirish mumkinligi ham tilga olindi. Hindistonning ishbilarmon doiralari mazkur jamg‘armani shakllantirish bo‘yicha moliyaviy ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Bundan tashqari, Hindiston texnikaviy va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, OTMlar mutaxassislari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining innovatsion rivojlanishga mas’ul bo‘limlari xodimlari, xususiy biznes vakillarida bepul xorijiy stajirovka o‘tash imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Mazkur loyihaning muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi etib tayinlanishi taklif etildi.
Izoh (0)