Hindistonning Kerala shtatida yuz bergan yog‘ingarchilik va toshqinlar sababli mamlakat janubida bir milliondan ortiq kishi o‘z uylarini tark etdi va qochoqlar uchun mo‘ljallangan lagerlarga joylashtirildi. Toshqinlar oqibatida 410 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Ayni paytda 1.028 million kishi 3.2 mingdan ortiq maxsus lagerlarga joylashtirilgan. Bunda bir necha ming kishi suv ostida qolgan hududlardagi uylarida qolmoqda. Ko‘pchilik o‘z uyini tark etishni istamayapti hamda suv va oziq-ovqat yetkazib berishni so‘ramoqda.
Suv ostida qolgan hududlarda suvning balandligi 60 santimetrni tashkil qilmoqda. Yo‘llardagi mashinalar harakati to‘xtagan. Yomg‘ir avvalgidan ko‘ra sekinroq yog‘ishda davom etmoqda.
Keralada yomg‘irlar mavsumi iyun oyida boshlangan. 8-avgustdan buyon shtat kuchli yog‘ingarchilik ostida qoldi. Suv balandligi hali ham ko‘tarilmoqda. Bir nechta shahar to‘liq suv ostida qolgan.
Mahalliy mutassadilarning hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yilda musson yomg‘irlari so‘nggi 100 yil ichidagi hududdagi eng kuchlisi bo‘lgan. Hindistonda yomg‘irlar mavsumi sentabrgacha davom etadi.
Toshqinlardan yetgan zarar hozirda uch milliard dollar deb baholanmoqda. Bu raqamning o‘sishi kutilmoqda.
Izoh (0)