O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Suxrob Xolmurodov O‘zbekiston—Hindiston hukumatlararo komissiyasi 11-majlisi ochilishida chiqish qila turib, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasini kengaytirish imkoniyatlarini sanab o‘tdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
2017-yil yakunlariga ko‘ra, tovar aylanmasi 323,6 million dollar, shu jumladan eksport — 32,5 million dollar, import — 291,1 million dollarni tashkil etdi.
“O‘zbekiston korxonalari Hindistonga uran konsentrati, rangli va nodir metallari, shuningdek, kabel-uzatish mahsulotlari, polietilen va polipropilen, kimyoviy mahsulotlar, mineral o‘g‘itlar, sarhil va qayta ishlangan meva-sabzavotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazishni kengaytirishga tayyor”, — dedi Suxrob Xolmurodov.
U tomonlarda tovar aylanmasi hajmini yaqin istiqbolda 1 milliard dollarga yetkazish uchun zarur shart-sharoit mavjud ekanligini ta’kidladi.
“Hindistonga mazkur sifatli mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Hindiston tomonidan o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlarini pasaytirish, shuningdek, o‘zbek moshi importining birlamchi bosqichida 50 ming tonnagacha hajmda kvotalar taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘raymiz”, — dedi u.
Bundan tashqari, o‘zbek tomoni o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirish uchun Hindistonga ikki mamlakat o‘rtasida preferensial savdo to‘g‘risidagi kelishuvni tayyorlash va imzolash masalasini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzishni taklif qildi.
Izoh (0)