Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Shayxontohur tumani, “Kamolon” mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat tomonidan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor natijasida Milliy bog‘ yonidagi so‘lim maskanda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi barpo etilgan edi. Ushbu xiyobon ro‘parasida qurilayotgan mazkur uy-joylar yozuvchi va shoirlarga beriladi.
Uyning birinchi qavatida 60 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyev qurib bitkazilgan xonadonlardan birini va maktabgacha ta’lim muassasasini kirib ko‘rdi. Oilalarning tinch-farovon yashashi, bolalarning barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlarida zamonaviy turar joy majmualari, ishbilarmonlik markazlari, dam olish maskanlari va sayilgohlar qurish, jamoat transporti xizmatini yaxshilash bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Davlat rahbari mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Izoh (0)